So'rov natijalari qanday bo'ldi?

Бош Сахифа / Матбуотда мақолалар / So'rov natijalari qanday bo'ldi?
27 December 2019

So'nggi yillari yurtimizda keng ko'lamli islohotlar amalga oshirilayotgani barchaning diqqat-e'tiborida turibdi va bu borada aholining o'ziga yarasha o'y-fikrlari bor. Buni esa ijtimoiy so'rovlar orqali bilish mumkin. Bugungi kunda bunday so'rovlar o'tkazish ham sifat jihatidan yangilandi.

“Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini o'rganish markazi va qator mutasaddi tashkilotlar hamkorligida O'zbe­kiston sotsiologlari assotsiatsiyasi tashkil etildi. Markazda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko'rib chiqish bo'yicha ishlarni monitoring va tahlil qilish uchun “O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi”, “Qo'ng'iroqlarni qayta ishlash markazi” va O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonalarining axborot tizimlari faoliyatiga doir statistik va boshqa axborotlari tahlili yo'lga qo'yildi. “Ijtimoiy fikr” markazida telefon va internet tarmog'i orqali ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va mamlakatimiz hayotining boshqa yo'nalishlariga doir dolzarb joriy masalalar yuzasidan aholi o'rtasida blis-so'rov o'tkazadigan “Call-center” tashkil etildi.

Ertaga — 22 dekabr kuni  yurtimizda katta siyo­siy jarayon Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlariga saylovlar bo'lib o'tadi. “Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini o'rganish markazi qoshida tashkil etilgan ushbu “Call-center” saylov jarayonlarida aholining fikrini o'rganishga qaratilgan olti bosqichdan iborat “Saylov — 2019” blis so'rovlar o'tkazdi. So'rov natijalari “O‘zbekiston 24” telekanalida maxsus ruknda tayyorlangan infografikada doimiy yoritib borildi.

O'tkazilgan tezkor tadqiqotlarda umummilliy reprezentativligi 4 foiz xatolik va 95 foiz ishonchlilik darajasida mamlakatdagi barcha statsionar telefon aloqasi abonentlari ichidan tasodifiy stratifikatsiyalashgan usul bilan tanlab olingan mingga yaqin respondent ishtirok etdi. Tadqiqot natijalarining mintaqalar, joylar, jins va yosh kesimidagi reprezentativligi uchun O'zbekiston Respublikasi Davlat statis­tika qo'mitasining ma'lumotlaridan foydalanildi. “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o'rganish markazining tezkor tadqiqotlar bo'limi — “Call-center” “Express-modus” jamoatchilik fikri blok-monitoringi doirasida “Saylov — 2019” so'rovlari 5-17 sentyabr, 20 sentyabr – 7 oktyabr, 8-22 oktyabr, 25 oktyabr – 6 noyabr, 8-20 noyabr, 21 noyabr – 4 dekabr sanalarida olib borildi. Saylov doirasida o'tkazilgan so'rovlar savollari Markaz sotsiolog mutaxassislari tomonidan ishlab chiqildi. Respondentlarga “Siz mamlakat ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga qiziqasizmi?”, “Mamlakat ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy voqealari haqida qaysi axborot manbai orqali bilib olasiz?”, “2019 yil Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlariga saylovlar yili ekanligini bilasizmi?”, “Saylovlarda shaxsan ishtirok etasizmi?”, “Siz saylovoldi kampaniyasining borish jarayonini kuzatasizmi?”, “Agar saylovlar ertaga bo'lib o'tadigan bo'lsa, Siz qaysi siyosiy partiya nomzodi uchun o'z ovozingizni bergan bo'lardingiz?” kabi savollar bilan murojaat qilindi. Natijalar esa qiyosiy tahlil qilindi.

So'rovlarda aholining saylovoldi jarayonini kuzatishi bo'yicha qaysi OAV manbaidan ko'proq ma'lumot olishlari borasida fikri ham so'raldi. So'nggi so'rov natijalariga ko'ra, respondentlarning yarmi, ya'ni 50,1 foiz O'zbekiston telekanallaridan, 14,2 foiz internetdan, 15,2 foiz tashqi reklama e'lonlaridan, 4,9 foiz saylovoldi tadbirlaridan, 4,1 foiz davriy matbuotdan, 3,5 foiz O'zbekiston radiostansiyalaridan bu boradagi ma'lumotlarni olishlari ma'lum bo'ldi. Ushbu so'rov natijalari bo'yicha saylov mavzusini yoritish va audito­riyaning diqqat-e'tiborini tortishda qaysi axborot vositasi yetakchilik qilayotganligini bilish mumkin. Olib borilgan so'rovga ko'ra, mazkur natijalar ko'rsatkichi bo'yicha O'zbekiston telekanallari yetakchi bo'lishsa, keyingi o'rinlarda internet va tashqi reklama e'lonlari turibdi. Davriy matbuot va radiostansiyalari ko'rsatkichlari eng so'nggi o'rinlarni egallagan. So'rovga ko'ra 8 foiz respondent­lar saylovoldi jarayonlarini kuzatib bormasliklari aniqlangan.

Ushbu so'rovlar ilk marotaba o'tkazildi. Bu natijaga erishishda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sotsiologik tadqiqotlar o'tkazishni davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash chora-tadbirlari to'g'risida”gi Farmoni muhim ahamiyat kasb etdi. “Saylov — 2019” mavzuidagi sotsiologik so'rovlar Farmonda Markaz faoliyatining asosiy yo'nalishlari etib belgilangan — fuqarolar dunyoqarashini shakllantirish, ularning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy ongini belgilash, aholining siyosiy, huquqiy madaniyati darajasini o'rganishda muhim omil bo'ldi.

Yulduz Ortiqova,

“Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o'rganish markazi

Matbuot xizmati rahbari.

©Hurriyat gazetasi

 

Другие материалы рубрики

Социологик тадқиқот хулосаси статистик маълумотга тенглаштирилади.

27 December 2019

Одам савдосига қарши курашиш жамоатчилик фикри кўзгусида

03 July 2019

Жамиятнинг маънавий кўзгуси

19 February 2018

Ҳаётдан мамнунлик саодати

05 December 2017

Тинчликка дахл қилувчи жиддий муаммо

01 December 2017

Марказ ҳаётидан

Барча суратлар